Yaponiya muxlislari yana butun dunyoga namuna bo‘ldi
Jahon chempionati guruh bosqichida Yaponiya terma jamoasi Niderlandiya bilan 2:2 hisobida durang o‘ynadi. Ammo uchrashuvdan keyin maydondagi natijadan ham ko‘proq yapon muxlislarining madaniyati e’tibor markaziga tushdi.
O‘yin yakunlangach, “Ko‘k samuraylar” muxlislari stadionni darhol tark etmadi. Ular tribunadagi chiqindilarni yig‘ib, o‘zlari bilan olib kelgan ko‘k paketlarga joylashdi. Qizig‘i, aynan shu paketlar o‘yin davomida muxlislarning asosiy atributlaridan biri bo‘lgan: gollar urilganda ishqibozlar ularni ko‘tarib, bayram qilishgan edi.
Bu holat Yaponiya muxlislari uchun yangilik emas — ular bunday odati bilan ilk bor 1998-yil Fransiyadagi Jahon chempionatida e’tibor qozongan. Shundan beri har bir mundialda yapon muxlislari stadionlarni tozalab ketishi an’anaga aylangan.
Natijada, AQSHdagi Dallas stadionida yapon muxlislari ortidan deyarli hech qanday chiqindi qolmadi. Bu esa yana bir bor ularning futbol madaniyati va tartib-intizomini namoyish etdi.