locale OZ

Yangilangan Angliya, Modrich uchun so‘nggi JCH. L guruhi haqida nimalarni bilamiz?

Bu yerda Angliya, Xorvatiya, Gana va Panama bor.
Futbol
Roziqjon Sultonmurodov
Roziqjon Sultonmurodov
Jurnalist
Yangilangan Angliya, Modrich uchun so‘nggi JCH. L guruhi haqida nimalarni bilamiz?
ФОТО: Getty images

Nihoyat, L guruhiga yetib keldik. Bu yerda Angliya shubhasiz favorit. Xorvatiya ham oddiy raqib emas. Gana va Panama esa kutilmagan natijalarga sababchi bo‘lishi mumkin. Har holda, ular ham nimagadir umid qilmoqda.

Angliya

Murabbiy

Tomas Tuxel Angliya terma jamoasida Garet Sautgeyt o‘rnini egallab, nihoyat yulduzlarga boy tarkib bilan katta sovrin yutish vazifasini oldi. Avvalgi murabbiyning aksiga, nemis mutaxassisida top-klublarda ishlash tajribasi yetarli. U turli jamoalar bilan katta yutuqlarga erishgan:

Yulduzlar

Angliya tarkibi yulduzlarga juda boy. Eng asosiylariga to‘xtalsak: Harri Keyn — jamoaning yuzi, sardori va hujumdagi asosiy umid. Deklan Rays — markazni mustahkamlaydi. Bukayo Saka — qanotda xavf yaratadi.

Maqsad

Faqat chempionlik. Angliya 1966 yildan beri jahon chempionligini qo‘lga kiritmagan. Shu sababli, muxlislar katta natija kutishmoqda. Agar jamoa yarim finalga ham yetib bormasa, bu turnir muvaffaqiyatsiz deb baholanadi.

Chempionlik ehtimoli (Opta): 10,1%

Xorvatiya

Murabbiy

2017 yildan beri jamoani Zlatko Dalich boshqarmoqda. U Xorvatiyani zamonaviy futboldagi eng muvaffaqiyatli terma jamoalardan biriga aylantirdi.

— JCH-2018 finali

— JCH-2022 bronza medali

Dalich taktik yangiliklari bilan emas, balki kuchli jamoaviy muhit yaratish qobiliyati bilan mashhur.

Yulduzlar

Luka Modrich — 40 yoshida ham jamoaning yuragi va yetakchisi. Bu uning JCHdagi so‘nggi o‘yinlari bo‘ladi. Ivan Perishich (37 yosh) hamon qanotda faol. Yosip Stanishich “Bavariya”da muvaffaqiyatli mavsum o‘tkazdi.

Maqsad

Xorvatiya endi “qora ot” emas. Biroq hozirgi tarkib 2018 va 2022 yillardagidek kuchli emas. Guruhdan chiqish — majburiy vazifa.

Chempionlik ehtimoli: 1,3%

Gana

Murabbiy

Karlush Keyrush aprel oyida jamoani qabul qildi. U katta tajribaga ega: Aleks Fergyuson yordamchisi sifatida Angliyada chempion bo‘lgan. “Real”ni boshqargan. Portugaliya termasini ham boshqargan.

So‘nggi yillarda u Kolumbiya, Misr, Qatar, Ummon va Eron termalarini boshqargan. Eronni uch marta JCHga olib chiqqan.

Yulduzlar

Asosiy yetakchi — Antuan Semenyo. U “Bornmut”dan “Manchester Siti”ga o‘tib, darhol asosiy tarkib o‘yinchisiga aylangan. APLda 17 gol va 4 assist qayd etgan. Tomas Parti — markazda, Inyaki Uilyams — hujumda. Muhim yo‘qotish — jarohat sabab Muhammad Kudus qatnashmaydi.

Maqsad

Shubhasiz, 2-o‘rin uchun kurash yoki 3-o‘rin orqali pley-off. Gana tarkib bo‘yicha raqiblaridan ortda, lekin tezlik va jismoniy kuchi bilan xavf tug‘dira oladi.

Chempionlik ehtimoli: 0,2%

Panama

Murabbiy

Tomas Kristiansen — ispan-dan mutaxassisi. Futbolchi sifatida Ispaniyada ko‘p o‘ynagan, jumladan “Barselona” tizimida tarbiyalangan.

Murabbiy sifatida BAA, Kipr, “Lids” va Belgiya jamoalarida ishlagan. 2020 yildan buyon Panama termasini boshqaradi.

Yulduzlar

Jamoada katta yulduzlar yo‘q. Eng ko‘zga tashlanadigan futbolchi — Amir Murillo (“Marsel”dan “Beshiktash”ga o‘tgan). Shuningdek, Edgardo Farinya ham e’tiborda.

Maqsad

Panama uchun JCHda qatnashishning o‘zi katta yutuq. 2018 yildagi debyutida jamoa barcha o‘yinlarda mag‘lub bo‘lgan. Hozir ham raqiblaridan kuchsiz, biroq Gana va Xorvatiyadan ochko olishi mumkin. Ehtimol, ular uchun ham pley-off imkoniyati paydo bo‘lishi mumkin.

Chempionlik ehtimoli: 0,1%

Sport — bir bosishda!
Jamiyatlarimizga obuna bo‘ling va sport voqealaridan xabardor bo‘ling!
Izohlar
Izoh qoldirish uchun ro'yxatdan o'ting