Yana ikki jamoa muddatidan avval Chempionlar Ligasini tark etdi
21 yanvardan 22 yanvarga o‘tar kechasi Chempionlar Ligasi umumiy bosqichining 7-turidagi so‘nggi uchrashuvlar yakunlandi. Ushbu bahslardan so‘ng yana ikki jamoa musobaqani muddatidan avval tark etishi aniq bo‘ldi.
Xususan, Praganing «Slaviya» klubi «Barselona»ga 2:4 hisobida mag‘lub bo‘lib, yetti o‘yindan so‘ng atigi uch ochko jamg‘ardi va pley-offga chiqish imkoniyatlarini matematik jihatdan yo‘qotdi. Ayni paytda 1/16 finalga yo‘llanma beruvchi so‘nggi — 24-o‘rinda Gretsiyaning «Olimpiakos» klubi joylashgan bo‘lib, uning hisobida sakkiz ochko bor. Umumiy bosqich yakuniga esa atigi bir tur qolgan.
Shuningdek, avvalroq «Qorabog‘»ga 2:3 hisobida yutqazgan Frankfurtning «Ayntraxt» klubi ham pley-off yo‘llanmasidan umid uzdi — nemis jamoasi yetti turdan keyin to‘rt ochko bilan qolmoqda.
Bundan oldin, 20 yanvardan 21 yanvarga o‘tar kechasi Ispaniyaning «Vilyarreal» va Qozog‘istonning «Qayrat» klublari ham Chempionlar ligasining pley-off bosqichiga chiqish imkoniyatidan mahrum bo‘lgani ma’lum bo‘lgan edi. Qolgan barcha jamoalarda esa hali ham top-24 talikka kirish uchun nazariy imkoniyatlar saqlanib qolmoqda.