Yamal yilning eng yaxshi yosh sportchisi deb topildi
«Barselona» va Ispaniya milliy jamoasi qanot hujumchisi Lamin Yamal Laureus World Sports Awards talqiniga ko‘ra dunyoning eng yaxshi yosh sportchisi deb topildi. Bu haqda tashkilot matbuot xizmati xabar bermoqda.
«Ushbu mukofotni qo‘lga kiritganimdan juda xursandman. Bu men uchun katta sharaf. Akademiyaga, oilamga, uyda ukam bilan o‘tirgan onamga, otamga, buvimga, hamkasblarimga va doimo yonimda bo‘lgan jamoaga minnatdorchilik bildiraman...
Shuningdek, Karlos Alkarasni ham tabriklayman (ispaniyalik tennischi Laureus talqiniga ko‘ra yilning eng yaxshi sportchisi deb topilgan). Men juda baxtliman va umid qilamanki, bu yutuq menga yanada olg‘a intilishda yordam beradi. Oldinda hali uzoq yo‘l kutib turibdi. Kuningiz xayrli o‘tsin va barchaga katta rahmat», — dedi Yamal taqdirlash marosimida.
O‘tgan yili Laureus ispaniyalik vingerni «Yil kashfiyoti» nominatsiyasi g‘olibi sifatida e’tirof etgan edi.
Joriy mavsumda Yamal «Barselona» safida barcha turnirlar doirasida 44 ta uchrashuvda maydonga tushib, 23 ta gol va 16 ta golli uzatmani o‘z hisobiga yozdirib qo‘ydi.