Yamal – Yevropada mavsumning eng yaxshi yosh futbolchisi
Ispaniyaning "Barselona" klubi hujumkor yarim himoyachisi Lamin Yamal Yevropa mavsumining eng yaxshi yosh futbolchisi deb topildi. Bu haqda The Athletic nashri xabar berdi.
Ushbu mavsumda ispaniyalik vinger kataloniyaliklar safida barcha musobaqalarda 55 ta o‘yin o‘tkazib, 24 ta gol urdi va 18 ta golli uzatmani amalga oshirdi.
Nashr ta’kidlashicha, Yamal eng qiyin uchrashuvlarda jamoa yetakchisiga aylanib, o‘yinni o‘z qo‘liga olgan va "Barselona"ni oldinga boshlab borgan. Uning statistikasi esa atigi 18 yoshda ekanini hisobga olganda, yanada ta’sirli ko‘rinadi.
Ma’lumot uchun, Yamalning "Barselona" bilan shartnomasi 2031 yilgacha amal qiladi. Uning tovon puli 1 milliard yevroni tashkil etadi. Transfermarkt ma’lumotiga ko‘ra, futbolchining bozor qiymati 200 million yevroga baholanmoqda.