Yamal XXI asrda 19 yoshga toʻlmasdan top-5 chempionatlarda 25 ta gol urgan birinchi futbolchiga aylandi
Ispaniya La Ligasining 26-turidan o‘rin olgan «Barselona» hamda «Vilyarreal» (4:1) jamoalari o‘rtasidagi bahs tarixiy natija bilan yakunlandi. Kataloniyaliklarning 18 yoshli vingeri Lamin Yamal ushbu uchrashuvda o‘ziga xos rekordni o‘rnatdi.
Opta Sports xabar berishicha, Yamal XXI asrda 19 yoshga to‘lmasdan turib, kuchli beshlik chempionatlarida 25 ta gol urishga muvaffaq bo‘lgan ilk futbolchiga aylandi.
Marselino Toral shogirdlariga qarshi kechgan bahsda Lamin Yamal xet-trik qayd etdi. Shu tariqa, ispaniyalik iqtidorli futbolchining La Ligadagi gollari soni 95 ta o‘yinda 27 taga yetdi.
Joriy mavsumda Yamal «Barselona» safida barcha turnirlar doirasida 31 ta uchrashuvda maydonga tushib, 16 ta gol va 13 ta samarali uzatmani o‘z hisobiga yozdirib qo‘ydi.
Ushbu g‘alabadan so‘ng «Barselona» 26 ta o‘yindan 64 ochko jamg‘argan holda Ispaniya chempionati turnir jadvalida yakka peshqadamlikni davom ettirmoqda. «Vilyarreal» esa 51 ochko bilan uchinchi pog‘onani band etib turibdi.