Yamal: “Onam o‘qimasam, futbol o‘ynamasligimni aytardi”
“Barselona” hujumchisi Lamin Yamal bolalik davrida onasi uning ta’limiga katta e’tibor qaratganini aytdi. 19 yoshli futbolchining so‘zlariga ko‘ra, oilasi uning futbol bilan shug‘ullanishini qo‘llab-quvvatlagan bo‘lsa-da, o‘qishni ham birinchi darajali masala deb bilgan. Bu haqda Barça Universal nashri xabar bermoqda.
Manbaga ko‘ra, Yamal onasi uni qo‘shimcha darslarga ham qatnashishga majbur qilganini eslagan. “Onam doimo o‘qishimni xohlardi. U meni qo‘shimcha mashg‘ulotlarga yuborar va ba’zida: ‘Agar o‘qimasang, futbol o‘ynamaysan’, derdi. Ammo men kelajagimni futbol bilan bog‘lashni doim bilardim”, — dedi Yamal.
Yamal “Barselona” akademiyasi tarbiyalanuvchisi bo‘lib, juda yoshligidanoq klub tizimida katta umid uyg‘otgan. Keyinchalik u asosiy jamoaga qadar yetib bordi va qisqa vaqt ichida kataloniyaliklarning yetakchi futbolchilaridan biriga aylandi. Uning bolalikdagi ta’lim va futbol o‘rtasidagi muvozanat haqidagi hikoyasi esa futbolchining professional faoliyatigacha bo‘lgan yo‘lini yana bir bor ko‘rsatib berdi.
Ma’lumot uchun, Lamin Yamal joriy mavsum “Barselona” safida barcha turnirlarda 8 ta uchrashuvda 8 ta gol va 6 ta golli uzatma qayd etgan. Transfermarkt ma’lumotiga ko‘ra, uning bozor qiymati 220 million yevroga baholanmoqda.