Xvicha Kvaratsxeliya Chempionlar Ligasida Tieri Anrining antirekordini takrorladi
«PSJ»ning gruziyalik vingeri Xvicha Kvaratsxeliya Chempionlar Ligasi pley-off bosqichi doirasidagi «Monako»ga qarshi dastlabki bahsda (3:2) o‘ziga xos antirekord qayd etdi.
Opta Sports xabariga ko‘ra, Xvicha ushbu uchrashuvda raqib darvozasi tomon 8 marotaba zarba yo‘lladi, biroq ularning birortasi aniq chiqmadi. Bu musobaqa tarixidagi eng yomon ko‘rsatkichning takrorlanishidir.
Avvalroq afsonaviy Tieri Anri ham ikki bor shunday natija qayd etgan.
Eslatib o‘tamiz, 17 fevral oqshomida o‘tgan «Monako» va «PSJ» o‘rtasidagi uchrashuv parijliklarning 3:2 hisobidagi g‘alabasi bilan yakunlandi. G‘oliblar safida Due (dubl) va Hakimi gol urishgan bo‘lsa, «Monako» yarimhimoyachisi Aleksandr Golovin 48-daqiqada maydondan chetlatildi.
Jamoalar o‘rtasidagi javob uchrashuvi 25 fevral kuni bo‘lib o‘tadi.