Xumoyunmirzo Iminov: «Bunday atmosferada oʻynashni niyat qilgandim»
“Andijon”ning yangi mavsum uchun amalga oshirgan yana bir transferlaridan biri Humoyunmirzo Iminov boʻlib, 25 yoshli isteʼdodli yarim himoyachi endi bor eʼtiborini “Burgutlar”ning gʻalabalariga qaratgan.
Klub matbuot xizmati Iminov bilan suhbatlashdi.
- Xumoyunmirzo "Andijon" klubiga xush kelibsiz! Ushbu taklifni qabul qilishda kim bilan maslahatlashdingiz?
- Avvalambor, Andijon muxlislariga assalomu alaykum. Taklifga keladigan boʻlsak, dadam va akam bilan maslahatlashdim.
- Rosti, shunday taklif boʻlishini kutganmidingiz va uni qanday qabul qildingiz?
- Toʻgʻrisini aytsam, taklif boʻlishini kutmagandim. Lekin bunday atmosferada oʻynashni niyat qilgandim. Ushbu taklifdan xursand boʻldim.
- Bilasiz, bu mavsumda jamoaning maqsadlari va rejalari katta. Shuning uchun tarkib kuchaytirilyapti. Raqobat ham kuchli boʻladi. Oʻzingizni koʻrsatishga tayyormisiz?
- Men ham jamoaga qoʻldan kelgancha maqsad va rejalarni amalga oshirish yoʻlida oʻz hissamni qoʻshmoqchiman. Raqobat bor joyda oʻsish boʻladi. Men raqobatga tayyorman. Xudo xohlasa, albatta oʻzimni yaxshi taraflama koʻrsataman va shunga harakat qilaman.
- "Burgutlar" aʼzosiga aylanishingizni faoliyatingizda qanday bosqich deb oʻylaysiz?
- Yuqori deb hisoblayman. Xudo xohlasa, futbolchi sifatida oʻsishimga yordam beradi, deb oʻylayman.
- Oʻzingiz uchun raqamni tanladingizmi?
- 10 va 11-raqamlarni juda yoqtiraman. Shulardan birini tanlagan boʻlardim.
- "Andijon"ga oʻtishingiz bilan tabriklagan dastlabki uchta odam kim boʻldi?
- Dadam, onam va akam birinchilardan tabriklashdi.
- Muxlislar uchun nima deya olasiz?
- Muxlislarga yoqadigan oʻyin koʻrsatishga harakat qilaman hamda jamoamizni yaxshi natijani qoʻlga kiritishida oʻz hissamni qoʻshishga bor kuchimni sarflayman.