Xulian Alvares JCh-2026'dan so‘ng «Barselona»ga o‘tishi mumkin — manba
Madridning «Atletiko» klubi hujumchisi Xulian Alvares 2026 yilgi Jahon chempionatidan keyin faoliyatini «Barselona»da davom ettirishi mumkin. Bu haqda The Touchline xabar bermoqda.
Manbaga ko‘ra, 26 yoshli argentinalik forvardning kataloniyaliklar safiga transferi taxminan 70 million yevroga tushishi mumkin. Xabarda aytilishicha, Alvares muntazam ravishda yirik sovrinlar uchun kurashadigan jamoada o‘ynashni istamoqda.
Xulian Alvares 2024 yilning yozidan buyon «matraschilar» sharafini himoya qilib kelmoqda. Joriy mavsumda u barcha turnirlarda 35 ta o‘yinda ishtirok etib, 13 ta gol va 6 ta golli uzatmaga mualliflik qildi.
Futbolchining Madrid klubi bilan amaldagi shartnomasi 2030 yilgacha mo‘ljallangan. Transfermarkt portali jahon chempionining bozor qiymatini 100 million yevro deb baholagan.