Xulian Alvares «Atletiko Madrid» tarixida yangi rekord o‘rnatdi
Madridning «Atletiko» klubi hujumchisi Xulian Alvares UEFA Chempionlar Ligasi yarimfinalidan o‘rin olgan «Arsenal»ga qarshi dastlabki bahsda (1:1) gol muallifiga aylandi. Ushbu gol evaziga argentinalik forvard Madrid klubi tarixida bir mavsum davomida Yevropaning eng nufuzli turnirida 10 ta gol urishga muvaffaq bo‘lgan ilk futbolchi sifatida rekord qayd etdi.
Joriy mavsumda Alvares «matraschilar» safida barcha turnirlar doirasida 48 ta uchrashuvda maydonga tushib, o‘z hisobiga 20 ta gol va 9 ta samarali uzatmani yozdirib qo‘ydi.
Ma’lumot uchun, argentinalik hujumchining «matraschilar» bilan tuzgan amaldagi shartnomasi 2030 yilga qadar moʻljallangan. Uning Transfermarkt'dagi narxi 90 million yevroga baholanmoqda.
Eslatib o‘tamiz, «Arsenal» va «Atletiko» jamoalari o‘rtasidagi javob uchrashuvi 5 may kuni Londonning «Emireyts» stadionida bo‘lib o‘tadi.