Xristo Stoychkov: o‘zbek termasi uchun noodatiy nomzod?
Futbol tarixiga o‘z nomini muhrlagan bolgariyalik Xristo Stoychkov FIFAʼning Football for Schools loyihasi doirasida Markaziy Osiyo bo‘ylab safar qilmoqda. U avval Qirg‘izistonga tashrif buyurdi, keyingi manzil esa Tojikiston. Uning O‘zbekistonga ham kelishi hozircha nomaʼlum.
Shu o‘rinda sport jurnalisti Aleksandr Troitskiy qiziqarli fikr bildirdi:
«Menimcha, Stoychkovni O‘zbekiston terma jamoasi bosh murabbiyligiga taklif qilish mumkin. Rostini aytganda, uning murabbiylik faoliyatida katta yutuqlari yo‘q, balki aksincha. Ammo ko‘pchilik uchun asosiy omil — eʼtibor markazida bo‘lish. Stoychkov esa o‘zining bahsli xarakteri bilan terma jamoaga jahon chempionatida katta eʼtibor kafolatlaydi. Qaysi Löw, Bilić yoki Terim? Stoychkov ishtirokidagi har bir matbuot anjumani Netflix realiti-shousiga aylanadi, bunga shubha yo‘q».
Troitskiyning bu taklifi futbol muxlislari orasida bahs-munozaralarga sabab bo‘lishi tabiiy.