“Xorazm” 2026/2027-mavsum Oliy liga yo‘llanmasini qo‘lga kiritdi!
Poytaxtimizdagi “Yunusobod” sport majmuasida futzal bo‘yicha 2026/2027-yilgi mavsumda Oliy ligada ishtirok etish huquqini beruvchi o‘tish uchrashuvi bo‘lib o‘tdi. Unda yakunlangan mamlakat chempionatida 11-o‘rinni egallagan Navoiyning “Qizilqum” hamda Birinchi liga musobaqalarida 2-o‘rinni qo‘lga kiritgan Urganchning “Xorazm” jamoalari o‘zaro bahs olib bordi.
Qizig‘i, ushbu jamoalar bundan bir oy avval O‘zbekiston kubogi doirasida bir guruhdan joy olib, o‘zaro kuch sinashgan edi. O‘shanda tomonlar 1:1 hisobidagi durangga rozi bo‘lishgandi. Bu safargi uchrashuv esa mutlaqo boshqacha ruhda kechdi. Har ikki jamoa ilk daqiqalardanoq g‘alaba uchun maydonga tushganini namoyish etdi.
Uchrashuvning dastlabki daqiqalaridagi keskin va tezkor hujumlardan so‘ng tashabbus “Xorazm” futbolchilari tomoniga o‘ta boshladi. Urganchliklar hududiy ustunlikni ham qo‘lga kiritib, buni hisobda aks ettirishga muvaffaq bo‘lishdi. 4-daqiqada Xurshid Rahmonovning zarbasini Sevdiyor O‘rinov qaytara olmadi va hisob ochildi — 1:0.
Shundan so‘ng “Qizilqum” qarshi hujumlarga tayanishga majbur bo‘ldi. Ana shunday vaziyatlarning birida navoiyliklar muvozanatni tiklashdi. Alayor Sadirovning o‘ng qanotdan amalga oshirgan aniq zarbasi gol bilan yakunlandi — 1:1.
Tanaffusdan keyin ham o‘yin manzarasi deyarli o‘zgarmadi. To‘p nazoratini o‘z qo‘lida ushlab turgan “Xorazm” uchrashuvning hal qiluvchi pallalarida yana ikki bor raqib darvozasini ishg‘ol qildi. Dubl muallifiga aylangan G‘iyosbek Qushnazarov esa bahs qahramoni bo‘ldi.
Yakunda “Xorazm” 3:1 hisobidagi g‘alabani qo‘lga kiritib, 2026/2027-yilgi mavsumda Oliy ligada ishtirok etish huquqini qo‘lga kiritdi.
Oliy ligaga o'tish o'yini
XORAZM — QIZILQUM – 3:1 (1:1). Toshkent. “Yunusobod” sport majmuasi. 06.06.2026-yil.
GOLLAR: 1:0 — Xurshid Raxmonov (4'), 1:1 — Alayor Sadirov (9'), 2:1 — G’iyosbek Qushnazarov (35'), 3:1 — G’iyosbek Qushnazarov (39').
Hakamlar: Nikita Afinogenov, Umid Po'latov, Anatoliy Rubakov, Sardor Mirodilov.
Nazoratchi: Oleg Dachev
Komissar: Jaxongir Raxmatullayev
“XORAZM” (boshlang’ich beshlik): 12.Kamol Nazarov, 4.Boburbek Razzoqberganov,9.Jaxongir Narzullayev, 10.Sohib Narzullayev, 27.Xurshid Raxmonov.
Zaxiradagilar: 6.Sarvarbek Madrimov, 7.G’iyosbek Qushnazarov, 8.Ibrohim Iskandarov, 14. Islom Ibrohimov, 15.Sarvarbek Rahimov, 20.Temurbek Ibodullayev, 22.Sarvar Urazaliyev.
QIZILQUM (dastlabki beshlik): 1.Sevdiyor O'rinov, 4.Asadbek Yo'ldoshev, 10.Azizjon Shaharov, 17.Alayor Sadirov, 27.Fernando Rodrigues de Souza.
Zaxiradagilar: 12.Bekali Abduraxmonov, 2.Sobir Turg'unov, 5.Jalol Egamov, 7.Egam Hakimov, 8.Yorqin Qurolov, 9.Doston Usmonov, 11.Azimjon Shamsutdinov, 14.Navro'z Zokirov, 15.San'atjon Ergashev, 20.Anvar Sodiqov.
OGOHLANTIRISHLAR: G’iyosbek Qushnazarov (8'), Alayor Sadirov (39').