Ximenes jarrohlik stoliga yotadi
«Milan» hujumchisi Santyago Ximenes o‘ng to‘pig‘idan operatsiya qilinadi. Bu haqda La Gazzetta dello Sport xabar bermoqda.
Hujumchi so‘nggi bor 28 oktabr kuni «Atalanta»ga qarshi o‘yinda maydonga tushgan va 62-daqiqada almashtirilgan edi. Shundan buyon futbolchi davolanish kursidan o‘tdi, biroq endilikda jarrohlik amaliyoti o‘tkazish haqida qaror qabul qilindi. Operatsiya shu hafta oxirida yoki kelasi haftaning boshida amalga oshiriladi.
Ma’lum qilinishicha, muammo bevosita suyak bilan bog‘liq bo‘lib, paylar yoki tog‘aylarga zarar yetmagan. Shu sababli Ximenes maydonga taxminan olti haftadan so‘ng qaytishi mumkin. Tiklanishning maksimal muddati esa ikki oy etib baholanmoqda.
Joriy mavsumda Santyago Ximenes «Milan» safida 11 ta o‘yinda maydonga tushib, bitta gol va bitta golli uzatmaga mualliflik qilgan.