Xavi «Barselona»dagi transfer siyosatini tanqid qildi
«Barselona» klubi sobiq bosh murabbiyi Xavi o‘z faoliyati davomida jamoaning kadrlar siyosati bilan bog‘liq ayrim tafsilotlarni ochiqladi. Mutaxassisning ta’kidlashicha, rahbariyat uning transfer borasidagi muhim so‘rovlarini rad etgan.
La Vanguardia nashriga bergan intervyusida Xavi tayanch yarimhimoyasi bilan bog‘liq muammoni quyidagicha izohladi:
«Men rahbariyatdan Martin Zubimendini sotib olishni so‘ragan edim. Biroq menga "yo‘q" deb javob berishdi. Bu moliyaviy qaror edi va ular arzonroq variantni tanlashdi. O‘shanda biz Busketsni yo‘qotgan edik va men o‘ylardim: qanday qilib bunday bo‘lishi mumkin?»
Eslatib o‘tamiz, Xavi 2021 yildan 2024 yilga qadar kataloniyaliklar boshqaruvida bo‘lib, jamoa bilan Ispaniya chempionligi va mamlakat Superkubogini qo‘lga kiritgan. Ayni damda u ishsiz hisoblanadi.
Ma’lumot o‘rnida, Martin Zubimendi «Real Sosedad»dan Londonning «Arsenal» klubiga o‘tgan va hozirda «kanonirlar» safida to‘p surmoqda.