Xabib Nurmagomedov «Real» futbolchilari bilan uchrashdi
UFC Shon-sharaf zali a’zosi, yengil vazn toifasida sobiq UFC chempioni Habib Nurmagomedov Madridning «Real» klubi futbolchilari — angliyalik Trent Aleksander-Arnold va urugvaylik Federiko Valverde bilan uchrashdi.
37 yoshli rossiyalik sportchining yulduzli futbolchilar bilan muloqoti ijtimoiy tarmoqlarda keng muhokama qilinmoqda.
«Burgut» laqabi bilan tanilgan sportchi o‘zining so‘nggi jangini 2020 yil 24 oktyabr kuni BAAning Yas orolida o‘tkazgan edi. O‘shanda unga amerikalik Jastin Getji raqiblik qilgan bo‘lib, bahs ikkinchi raundda Habibning bo‘g‘ish usuli bilan qozonilgan g‘alabasi bilan yakunlangan.
Ushbu muvaffaqiyat Nurmagomedov uchun faoliyatidagi 29 g‘alaba bo‘ldi. Jang tugagach, Habib aralash yakkakurashlardagi faoliyatini butunlay yakunlaganini rasman e’lon qilgan edi.