WBA reytingi yangilandi: Hasanboy Do‘smatov qani?
Butunjahon boks assotsiatsiyasi (WBA) professional bokschilarning yangilangan reytingini e’lon qildi. Yangi reytingda o‘zbekistonlik ikki karra Olimpiada chempioni Hasanboy Do‘smatov 50,8 kg vazn toifasidagi kuchli 15 talikdan joy olmadi. Bu haqda WBA rasmiy sayti xabar bermoqda.
Manbaga ko‘ra, Do‘smatov avgust oyi reytingida ushbu vazn toifasida 6-o‘rinni egallab turgan edi. Biroq 30-sentabr holatiga e’lon qilingan yangi reytingda uning nomi ro‘yxatdan chiqarilgan. WBA hozircha bu qarorning sababini rasman izohlamagan.
Ayni paytda 50,8 kg vaznda WBA chempioni Rikardo Sandoval bo‘lib turibdi. Reytingning birinchi o‘rnini Kyosuke Takami, ikkinchi o‘rnini Jonatan Gonsales, uchinchi pog‘onasini esa Samuel Karmona egallagan.
Ma’lumot uchun, Hasanboy Do‘smatov sentabr oyida Premier Boxing Academy bilan shartnoma imzolagan. Uning navbatdagi professional jangi oktabr yoki noyabr oyida IBA.Pro turniri doirasida o‘tkazilishi kutilmoqda. Professional ringda Do‘smatov hozirga qadar 7 ta jang o‘tkazib, barchasida g‘alaba qozongan va 5 ta raqibini nokautga uchratgan.