Vyetnam urushi faxriylari va faollar «Oq uy»da oʻtadigan UFC 250 turnirini bekor qilish talabi bilan sudga daʼvo kiritishdi
Vyetnam urushi faxriylari va jamoat faollari AQSh prezidenti qarorgohining Janubiy maysazorida 14 iyun kuni oʻtkazilishi rejalashtirilgan UFC Freedom 250 turnirini taqiqlash talabi bilan sudga murojaat qilishdi.
Daʼvogarlar — virjiniyalik urush faxriysi Pol Romano hamda faol Syuzan Duglas ushbu tadbirni tubdan korrupsiyalashgan deb hisoblamoqda. Ularning fikricha, mamlakat prezidenti Donald Tramp UFC tashkiloti va uning rahbari Dana Uaytga «shaxsiy tijoriy sport tadbirini oʻtkazish uchun Oq uy hamda Linkoln memorialiga toʻsiqsiz kirish huquqini taqdim etgan». Norozilar federal yer maydonida tashkil etilayotgan ushbu janglar oqibatida UFC ulkan miqdorda daromad koʻrishini va bu holat amaldagi qonunchilikka zid ekanini taʼkidlashmoqda.
«Prezident Amerikaning eng muqaddas sanalgan ikkita yodgorligini shaxsiy korporatsiyaga topshirdi, toki u va uning ittifoqchilari bundan boylik orttirishsin. Bu — korrupsiya. Ushbu obidalar Dana Uaytga, Crypto.com kabi homiylarga yoki Donald Trampga emas, balki barcha amerikaliklarga tegishli. Maʼmuriyat qonunni bajarishdan bosh tortayotgan ekan, biz suddan qonun ustuvorligini taʼminlashni soʻraymiz», — deya Duglasning soʻzlarini keltirmoqda MMA Junkie nashri.
Mazkur sud daʼvosi «Public Integrity Project» jamoat tashkiloti tomonidan ham rasman qoʻllab-quvvatlanmoqda.