«Volfsburg» o‘z tarixida ilk bor Bundesligani tark etdi
«Volfsburg» Germaniya Bundesligasida qolish huquqi uchun o‘tkazilgan pley-offning javob uchrashuvida «Paderborn 07»ga imkoniyatni boy berdi va 2026/2027 yilgi mavsumni quyi divizionda boshlaydigan bo‘ldi.
Jamoalar o‘rtasidagi dastlabki uchrashuvda 0:0 hisobi qayd etilgan edi, ikkinchi bahsning asosiy vaqti ham 1:1 durang natija bilan yakunlandi.
O‘yinning qo‘shimcha taymlarida, anirog‘i 100-daqiqada himoyachi Laurin Kurda tomonidan kiritilgan gol «Paderborn 07»ga g‘alaba va Germaniya futbolining yuqori divizioniga yo‘llanma taqdim etdi.
Qayd etish joizki, «Volfsburg» uchrashuvning katta qismini bir kishi kam bo‘lib o‘tkazdi. Boisi Yoakim Mexle o‘yinning ilk daqiqalaridayoq (14-daqiqa) maydondan chetlatilgan edi.
Ma’lumot uchun, «Paderborn» muqaddam 2014/15 va 2019/20 yilgi mavsumlarda Bundesligada ishtirok etgan. Ikkala holatda ham klub atigi bir mavsumdan keyin yana ikkinchi ligaga qaytgan edi.
«Volfsburg» esa o‘z tarixida ilk bor ikkinchi divizionga ravona bo‘ldi — jamoa 1997 yildan beri uzluksiz ravishda oliy ligada ishtirok etib kelayotgan edi.