Viniusius «Real»ni tark etishga tayyor. «PSJ» futbolchini kuzatmoqda — El Nacional
Madridning «Real» klubi hujumchisi Viniusius Junior shartnomasini uzaytirish masalasi aprel oyiga qadar hal etilmasa, jamoani tark etishga tayyor ekanini klub rahbariyatiga ma’lum qilgan. Bu haqda El Nacional nashri xabar bermoqda.
Manbaga ko‘ra, braziliyalik futbolchiga Fransiyaning «Pari Sen-Jermen» klubi jiddiy qiziqish bildirmoqda. Qayd etilishicha, Viniusius yiliga taxminan 30 million yevro miqdorida maosh olishni istamoqda.
Viniusius Junior 2018 yilda Braziliyaning «Flamengo» klubidan 45 million yevro evaziga «Real» safiga kelib qo‘shilgan. Joriy mavsumda u barcha musobaqalarda 31 ta uchrashuvda maydonga tushib, 7 ta gol urdi va 11 ta golli uzatma amalga oshirdi.
Futbolchining madridliklar bilan amaldagi shartnomasi 2027 yil yoziga qadar mo‘ljallangan. Transfermarkt ma’lumotlariga ko‘ra, Viniusiusning hozirgi bozor qiymati 150 million yevroni tashkil etadi.