Vinisius va Prestianni bilan boʻlgan voqeadan soʻng FIFA futbolda yangi qoida joriy qilmoqchi
Xalqaro futbol federatsiyasi (FIFA) raqibini haqoratlayotgan vaqtda og‘zini yopib oladigan futbolchilarga nisbatan jazo choralarini ko‘zda tutuvchi yangi qoidani muhokama qilmoqda. Bu haqda Ispaniyaning nufuzli Marca nashri xabar berdi.
Ushbu tashabbusga Chempionlar Ligasining pley-off bosqichidan o‘rin olgan «Benfika» va «Real» (0:1) uchrashuvidagi mojaro sabab bo‘ldi. O‘yin davomida Lissabon klubi vingeri Janluka Prestianni madridliklar hujumchisi Vinisius Junior bilan to‘qnashib ketgan va ma’lum bir pallada og‘zini futbolkasi bilan yopgan holda braziliyalik futbolchiga qarata gapirgan edi.
Uchrashuv yakunlangach, Prestianni Vinisiusga nisbatan irqchi so‘zlar ishlatgan bo‘lishi mumkinligi haqida xabarlar tarqaldi. FIFA tegishli qo‘mitasi o‘yinchilarning o‘z so‘zlarini yashirish maqsadida og‘zini yopish holatlarini qat’iy jazolashni taklif qilmoqda, chunki bu kabi harakatlar haqoratli so‘zlarni lab o‘qish orqali isbotlashga to‘sqinlik qiladi.