Vinisius transferi amalga oshmadi — Arteta “Arsenal” hujumini kuchaytirmoqchi
“Arsenal” bosh murabbiyi Mikel Arteta yozgi transfer oynasi yakunlanishidan oldin hujum chizig‘ini yana bir futbolchi bilan kuchaytirmoqchi. The Touchline ma’lumotiga ko‘ra, londonliklar “Real Madrid” vingeri Vinisius Juniorni qo‘lga kiritish bo‘yicha muvaffaqiyatsiz urinishdan so‘ng boshqa variantlarni ko‘rib chiqmoqda.
Manbaga ko‘ra, Arteta Vinisius transferi amalga oshmaganiga qaramay, hujumkor futbolchi xarid qilish rejasidan voz kechmagan. Ispaniyalik mutaxassis jamoaning oldingi chizig‘ida raqobatni oshiradigan va bir nechta pozitsiyada o‘ynay oladigan yangi futbolchi kelishini istamoqda.
Hozircha “Arsenal” aynan qaysi futbolchini asosiy transfer maqsadi sifatida belgilagani ma’lum qilinmagan. Shuningdek, klubning yangi hujumchi uchun qancha mablag‘ sarflashga tayyor ekani borasida ham aniq ma’lumot yo‘q.
Ma’lumot uchun, “Arsenal” yangi mavsumdagi ilk rasmiy uchrashuvida “Manchester Siti”ni 3:0 hisobida mag‘lub etdi. Londonliklar 21-avgust kuni Angliya Premyer-ligasidagi yangi mavsumni “Koventri”ga qarshi uy uchrashuvi bilan boshlaydi.