Vinisius Messini ortda qoldirdi
Madridning «Real» klubi vingeri Vinisius Junior Chempionlar Ligasining pley-off bosqichidagi samarali uzatmalar soni bo‘yicha hozirda «Inter Mayami»da to‘p surayotgan «Barselona» va «PSJ» sobiq futbolchisi Lionel Messini ortda qoldirdi. Bu haqda Ginga Bonito xabar bermoqda.
Vinisius joriy Chempionlar Ligasi chorak finali doirasidagi «Bavariya»ga qarshi javob uchrashuvida (3:4) golli uzatmani amalga oshirdi. Bu assist braziliyalik futbolchi uchun pley-off bahslaridagi 13-samarali uzatma bo‘ldi. Messi esa o‘zining Yevropadagi faoliyati davomida musobaqaning pley-off bosqichida 12 ta golli uzatmaga mualliflik qilgan. Argentinalik hujumchiga buning uchun 79 ta o‘yin kerak bo‘lgan bo‘lsa, «qaymoqranglilar» vingeri 41 ta bahsda ushbu ko‘rsatkichdan o‘zib ketishga muvaffaq bo‘ldi.
Vinisius Chempionlar Ligasining pley-off bosqichidagi ilk golli uzatmasini 2019 yilda, 1/8 final doirasidagi «Ayaks»ga qarshi o‘yinda (2:1) qayd etgan edi. Umuman olganda, braziliyalik futbolchi Yevropaning eng nufuzli klublararo turnirida jami 82 ta uchrashuvda maydonga tushib, 34 ta gol urgan va 32 ta assistni o‘z hisobiga yozdirib qo‘ygan.