Vinisius Junior: «Ispaniya — Jahon chempionati favoritlaridan biri, Lamin Yamal esa dunyoning eng yaxshilaridan»
Madridning «Real» klubi hamda Braziliya milliy terma jamoasi vingeri Vinisius Junior boʻlajak Jahon chempionati arafasida «Barselona» va Ispaniya terma jamoasi hujumchisi Lamin Yamalning iqtidoriga yuqori baho berdi.
«Ispaniya Jahon chempionati favoritlari qatoriga kiradi. Ular Yevropa chempionligini qoʻlga kiritishdi, boz ustiga tarkiblarida Lamin Yamal bor. Lamin — ayni damda dunyoning eng yaxshi futbolchilaridan biri sanaladi. Istaymizmi-yoʻqmi, muxlislar aynan u kabi oʻyinchilarning harakatlarini tomosha qilish uchun chipta sotib olishadi», — dedi Vinisius.
Eslatib oʻtamiz, 2026 yilgi Jahon chempionati shu yilning yozida uch mamlakat — AQSh, Kanada va Meksika maydonlarida boʻlib oʻtadi. Argentina terma jamoasi turnirning amaldagi gʻolibi hisoblanadi. Qatarda oʻtgan 2022 yilgi jahon birinchiligi finalida argentinaliklar Fransiya bilan kuch sinashgan va unda asosiy vaqt 3:3 hisobida yakunlanib, penaltilar seriyasida Janubiy Amerika vakillari gʻalaba qozongan edi (4:2).