Vinisius Junior atrofida g‘alati fitna nazariyasi tarqaldi
“Real Madrid” va Braziliya terma jamoasi hujumchisi Vinisius Junior ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan noodatiy fitna nazariyasining markazida qoldi. Ayrim foydalanuvchilar futbolchining 2026-yilgi Jahon chempionatidan keyin g‘oyib bo‘lgani va uning o‘rniga tashqi ko‘rinishi o‘xshash boshqa shaxs maydonga tushayotgani haqida asossiz taxminlarni ilgari surmoqda. Ushbu da’volarni tasdiqlovchi hech qanday ishonchli dalil mavjud emas. Bu haqda CNN Brasil nashri xabar bermoqda.
Manbaga ko‘ra, nazariya Vinisiusning Jahon chempionatidan keyingi tashqi ko‘rinishidagi o‘zgarishlardan so‘ng ommalasha boshlagan. Futbolchi yozgi ta’til vaqtida yuziga kosmetik muolaja qildirgan va ayniqsa iyak hamda jag‘ chizig‘idagi o‘zgarishlar ijtimoiy tarmoqlarda muhokamalarga sabab bo‘lgan. Keyinchalik ayrim foydalanuvchilar uning eski va yangi suratlarini, shuningdek, oyoqlaridagi tatuirovkalarni solishtirib, “futbolchi almashtirilgan” degan nazariyani ilgari surgan.
Biroq tarqalgan “dalillar” tekshirilganda, ularning bir qismi past sifatli tasvirlar, yorug‘lik va rakursdagi farqlar bilan izohlanishi ma’lum bo‘lgan. Masalan, ayrim kadrlarda ko‘rinmay qolgan tatuirovkalar yuqori sifatli boshqa suratlarda aniq ko‘rinadi. Shuningdek, internetda tarqalgan ayrim “oldin va keyin” tasvirlari tahrirlangan. Shu sabab Vinisiusning boshqa shaxs bilan almashtirilgani haqidagi da’volar faktlarga emas, ijtimoiy tarmoqlardagi taxminlarga asoslangan.
Ma’lumot uchun, Vinisius Junior 2026-yilgi Jahon chempionatida Braziliya terma jamoasi safida 5 ta uchrashuvda maydonga tushib, 4 ta gol va 1 ta golli uzatma qayd etgan. Jahon chempionatidan keyin esa “Real Madrid” safidagi dastlabki 8 rasmiy uchrashuvda 1 ta gol urib, 3 ta assist amalga oshirgan. Braziliya terma jamoasining kuzgi uchrashuvlarida esa 3 marta asosiy tarkibda maydonga tushib, 1 ta gol urgan.