Vinisius El-Klasikoni o‘tkazib yuborishi mumkin — sababi ma’lum
Madridning “Real” klubi hujumchisi Vinisius Junior Ispaniya chempionatining 10-turidan o‘rin olgan “Barselona”ga qarshi uchrashuvda maydonga tushmasligi mumkin. Braziliyalik futbolchiga “Vilyarreal”ga qarshi bahsda olgan qizil kartochkasi sabab bir necha o‘yinlik diskvalifikatsiya xavf solmoqda. Bu haqda jurnalist Mario Kortegana xabar bermoqda.
Manbaga ko‘ra, Vinisius kamida ikkita uchrashuvga diskvalifikatsiya qilinishi kutilmoqda. Bundan tashqari, hakam qizil kartochka ko‘rsatganidan keyin futbolchining tajovuzkor munosabati tufayli jazo muddati uchta o‘yingacha uzaytirilishi mumkin. Braziliyalik hujumchi “Vilyarreal”ga qarshi o‘yinda raqibini sochidan tortgani uchun maydondan chetlatilgan edi.
“Real” rahbariyati Vinisiusning El-Klasikoda ishtirok etish ehtimolini past baholamoqda. Agar futbolchi ikki uchrashuvga diskvalifikatsiya qilinsa, u “Sevilya” va “Barselona”ga qarshi bahslarni o‘tkazib yuboradi. Hozircha yakuniy jazo muddati rasman e’lon qilinmagan.
Ma’lumot uchun, “Real” 10-oktabr kuni La Liganing 8-turida “Vilyarreal”ni 1:0 hisobida mag‘lub etdi. Vinisius mazkur uchrashuvning 71-daqiqasida gol urgan, biroq VAR tekshiruvidan keyin gol bekor qilinib, futbolchiga qizil kartochka ko‘rsatilgan. Madridliklar 18-oktabr kuni “Sevilya”, 25-oktabrda esa “Barselona”ga qarshi maydonga tushadi.