Vinisius atrofida g‘alati fitna nazariyasi tarqaldi: uni “dublyor” almashtirgani da’vo qilinmoqda
Ijtimoiy tarmoqlarda “Real Madrid” va Braziliya terma jamoasi hujumchisi Vinisius Junior bilan bog‘liq noodatiy fitna nazariyasi keng tarqaldi. Ayrim foydalanuvchilar futbolchi 2026-yilgi jahon chempionatidan keyin g‘oyib bo‘lgan va uning o‘rnini tashqi ko‘rinishi o‘xshash boshqa kishi egallagan, degan asossiz da’volarni ilgari surmoqda. Bu haqda Marca nashri xabar bermoqda.
Manbaga ko‘ra, nazariya tarafdorlari Braziliya terma jamoasining Avstraliyaga qarshi uchrashuvi oldidan ko‘ringan Vinisius asl futbolchi emasligini ta’kidlamoqda. Ular o‘z fikrlariga “dalil” sifatida uning tashqi ko‘rinishidagi o‘zgarishlar, soqol qo‘yishi hamda ayrim suratlarda son qismidagi tatuirovkalar ko‘rinmayotganini keltirmoqda. Shuningdek, “dublyor” reklama shartnomalarini davom ettirish uchun jalb qilingan, degan da’volar ham tarqalgan.
Biroq ushbu gaplarni tasdiqlovchi ishonchli dalillar mavjud emas. Vinisius so‘nggi kunlarda Braziliya terma jamoasi bilan mashg‘ulotlarda qatnashdi va Avstraliyaga qarshi o‘rtoqlik uchrashuvida ham maydonga tushdi. “Real Madrid” hamda futbolchining yaqinlari internetdagi mazkur fitna nazariyalariga rasmiy munosabat bildirmagan.
Ma’lumot uchun, Vinisiusning tashqi ko‘rinishidagi o‘zgarishlar yozgi tanaffus davrida yuziga qilingan tibbiy-kosmetik amaliyot bilan izohlangan. Shunga qaramay, bu holat ijtimoiy tarmoqlarda turli taxminlar paydo bo‘lishiga sabab bo‘lgan. Hozircha futbolchi “almashtirilgani” yoki “g‘oyib bo‘lgani” haqidagi da’volarning hech biri tasdiqlanmagan.