Vinisius aholining tinchligini buzgani uchun jazolanishi mumkin
Braziliya milliy jamoasi va Madridning «Real» klubi hujumchisi Vinisius Junior Rio-de-Janeyroda tugʻilgan kunini nishonlash uchun tashkil etgan shovqinli kecha sabab fuqarolarning tinchligini buzganlikda ayblanmoqda. Bu haqda Mundo Deportivo nashri xabar berdi.
Manbaga koʻra, sud kichik huquqbuzarliklar boʻyicha ishni ko'rib chiqadi. Ayblov Vinisius yashaydigan mahalladagi qo'shnining shikoyatiga asoslangan.
Daily O Globo nashrining yozishicha, futbolchi oʻzining 25 yoshini nishonlash uchun yirik tadbirlar — toʻy yoki korporativ kechalar o'tkaziladigan hashamatli qarorgohda bayram uyushtirgan. Biroq tadbir davomida baland musiqa va shovqin atrofdagi aholining tinchini buzgan.
Qoʻshni politsiyani chaqirgan, huquq-tartibot idoralari vakillari esa Vinisius va mehmonlardan musiqaning ovozini pasaytirishni soʻragan. Futbolchi ularning talabiga rozi boʻlgan, ammo politsiya ketgach, kecha yana davom etgan.
Maʼlum qilinishicha, ushbu ish boʻyicha dastlabki sud 6 noyabr kuni boʻlib oʻtadi. Braziliya qonunchiligiga koʻra, fuqarolarning tinchligini buzish uchun 15 kundan 3 oygacha ozodlikdan mahrum etish yoki jarima jazosi belgilangan.