Vilson Izidor “Sanderlend” bilan shartnomasini uzaytirdi
Angliya klubi futbolchining 26 yoshga to‘lgan kunida kelishuv 2030-yilgacha uzaytirilganini rasman e’lon qildi.
Foto: Getty Images
“Sanderlend” hujumchisi Vilson Izidor klub bilan yangi shartnoma imzoladi. Angliya klubi futbolchining 26 yoshga to‘lgan kunida kelishuv 2030-yilgacha uzaytirilganini rasman e’lon qildi.
Izidor “Sanderlend”ga 2024-yil avgustida Sankt-Peterburgning “Zenit” klubidan ijara asosida kelgan. 2025-yil fevralida esa ingliz klubi hujumchini to‘liq sotib olgan.
Fransiyalik futbolchi “Sanderlend”dagi ilk mavsumida 12 ta gol urib, jamoaning Premyer-ligaga qaytishiga yordam berdi. U Chempionship pley-off yarim finalida “Koventri Siti”ga qarshi safar uchrashuvida muhim gollardan birini kiritgan.
Ma’lumot uchun, Izidor hozirgacha “Sanderlend” safida barcha musobaqalarda 82 ta uchrashuvda maydonga tushib, 19 ta gol urgan.