«Video o‘yinidagi futbolchi» yilning eng yaxshi ayol futbolchisi deb topildi
Futbol jurnalistlari assotsiatsiyasi (FWA) ma’lumotlariga ko‘ra, «Manchester Siti» hujumchisi Xadicha Shou «Yilning eng yaxshi ayol futbolchisi» unvoniga sazovor bo‘ldi. U joriy mavsumda 21 ta o‘yinda ishtirok etib, 19 ta golga mualliflik qildi.
29 yoshli futbolchi 2023/2024 yilgi mavsumda ham eng yaxshi deb e’tirof etilgan edi. 2021 yildan buyon «Siti» tarkibida to‘p surayotgan sportchi shu vaqtga qadar ikki bor Ayollar Superligasining (WSL) «Oltin butsa» sovrinini qo‘lga kiritgan. Mutaxassislar uni joriy yilda ham ushbu mukofotning asosiy da’vogari sifatida baholashmoqda. Agar sportchi yana bir bor raqib darvozasini ishg‘ol etsa, WSL tarixida uch xil mavsumda 20 tadan ko‘p gol urgan ilk ayol futbolchiga aylanadi.
Ayni paytda futbolchining yozgi transfer oynasidan keyingi taqdiri keng muhokamalarga sabab bo‘lmoqda. Yangi shartnoma imzolanmagani sababli, ayni paytgacha 6 bor chempionlik maqomini qo‘lga kiritgan «Chelsi» Shou uchun asosiy xaridor bo‘lib turibdi. Manbalarga ko‘ra, London klubi futbolchiga «Siti» taklifidan kamida bir yilga uzoqroq shartnoma va yiliga 1 million funt-sterlinggacha maosh taklif qilishi mumkin.
«Chelsi» bosh murabbiyi Soniya Bompastor sportchining transferi haqida aniq ma’lumot bermagan bo‘lsa-da, «9-raqam» (markaziy hujumchi) sotib olish jamoa uchun ustuvor vazifa ekanligini ta’kidlagan.
«Siti» ustozi Garet Teylor esa o‘z intervyusida: «Men hali ham uning yangi shartnoma imzolashidan umidvorman, ammo bu ko‘proq klub va futbolchi o‘rtasidagi masala. Hozir esa uning biz bilan ekanligi va birgalikda g‘alaba qozonishimiz muhimroq», — deya bayonot berdi.
Jamoadoshlaridan biri Sem Koffi Shouni «video o‘yinidagi futbolchi»ga o‘xshatib, uning himoyachilarni osonlik bilan ortda qoldirish va gol urish qobiliyatini alohida e’tirof etgan.
Kelayotgan yakshanba kuni Xadicha Shou a’zoligidagi «Siti» Angliya kubogi yarimfinalida aynan «Chelsi»ga qarshi maydonga tushadi.