“Vest Hem” afsonasi Lyudek Mikloshko 64 yoshida vafot etdi
“Vest Hem”ning sobiq darvozaboni Lyudek Mikloshko 64 yoshida vafot etdi. Chexiyalik sobiq futbolchining o‘limi haqida uning oilasi va London klubi ma’lum qildi. Mikloshko bir necha yil davomida og‘ir kasallik bilan kurashib kelgan.
Mikloshko 1990-yilda “Banik Ostrava”dan “Vest Hem”ga o‘tgan va London klubi safida sakkiz yil davomida 373 ta uchrashuv o‘tkazgan. U qisqa vaqt ichida muxlislarning sevimli futbolchilaridan biriga aylangan, 1991-yilda esa klubning yil futbolchisi deb topilgan.
Darvozabon faoliyatidagi eng esda qolarli uchrashuvlardan biri 1994/95-yilgi mavsumning so‘nggi turida “Manchester Yunayted”ga qarshi kechgan. Mikloshkoning seyvlaridan so‘ng bahs 1:1 hisobida yakunlangan va bu natija “Blekbern”ning tarixidagi ilk Premyer-liga chempionligini qo‘lga kiritishiga yordam bergan.
Ma’lumot uchun, Mikloshko Chexoslovakiya va keyinchalik Chexiya terma jamoalari safida jami 42 ta uchrashuv o‘tkazgan. Unga 2021-yilda saraton tashxisi qo‘yilgan, 2024-yilda esa kimyoterapiyani to‘xtatishga qaror qilgan edi.