Vengriya va Qozogʻiston terma jamoalari oʻrtasidagi oʻyinda maydonga kamera tushib ketdi
Vengriya hamda Qozogʻiston terma jamoalari oʻrtasida boʻlib oʻtgan oʻrtoqlik uchrashuvida qiziqarli voqea yuz berdi — oʻyin vaqtida maydonga kamera tushib ketdi.
Bahs Vengriyaning Debretsen shahridagi «Nadyerdei» stadionida tashkil etildi va unda mezbonlar 3:1 hisobidagi ishonchli gʻalabani qoʻlga kiritishdi.
Uchrashuvda hisobni 9-daqiqada Qozogʻiston terma jamoasi himoyachisi Sergey Mali ochishga muvaffaq boʻldi. Shundan soʻng, Vengriya terma jamoasi aʼzolaridan Dominik Soboslay, Andrash Shefer va Raymund Tot raqib darvozasini aniq nishonga olib, jamoalariga gʻalaba taqdim etishdi.
Qozogʻistonliklar uchrashuvning 63-daqiqasidan boshlab, yarimhimoyachi Maksim Samorodov maydondan chetlatilgani sababli bir kishi kam boʻlib harakat qilishdi.
Maʼlumot oʻrnida, har ikkala terma jamoa ham AQSh, Kanada va Meksika maydonlarida boʻlib oʻtadigan JCh-2026 turniri yoʻllanmasini qoʻlga kirita olmagan va boʻlajak mundialda ishtirok etmaydi.