Van der Sar hozirgi kunda dunyoning eng kuchli darvozabonlari kimligini aytdi
«Manchester Yunayted» va Niderlandiya terma jamoasining afsonaviy sobiq darvozaboni Edvin van der Sar hozirgi kunda dunyoning eng yaxshi posbonlari kimligini aytdi va darvozabonlik texnikasining rivojlanishi haqida o‘z fikrlari bilan o‘rtoqlashdi.
«Men hamon Manuel Noyerning ashaddiy muxlisiman — hatto uning jarohatlaridan keyin ham. Shuningdek, Tibo Kurtua va Janluiji Donnarummani alohida ko‘rsatgan bo‘lardim. Donnarumma «Pari Sen-Jermen»da ajoyib ikki yilni o‘tkazdi», — deydi van der Sar.
Shuningdek, afsonaviy darvozabon zamonaviy futbolning o‘ziga xos jihatlariga to‘xtalib o‘tdi:
«Mening bo‘yim 198 sm edi, bu menga juda yordam bergan. Hozirgi darvozabonlar esa maydonga tushganda, tik turish o‘rniga deyarli har doim "shpagat" (oyoqlarni keng yozish) uslubidan foydalanishmoqda. Futbol va darvozabonlik san’ati rivojlandi, yangi texnikalar paydo bo‘ldi».
Daily Mail nashriga bergan intervyusida mutaxassis zamonaviy darvozabonlar nafaqat qo‘l bilan, balki oyoq bilan o‘ynashda ham yangi bosqichga chiqqanini qayd etgan.