Valverde «Man Siti»ga qarshi oʻyinda faoliyatidagi ilk xet-trikini qayd etdi
UEFA Chempionlar Ligasining 1/8 final bosqichi doirasidagi «Real» va «Manchester Siti» jamoalari o‘rtasidagi dastlabki uchrashuvda sensatsion voqealar kuzatilmoqda. Madridning «Santyago Bernabeu» stadionida o‘tayotgan bahsning birinchi bo‘limida «Real» yarimhimoyachisi Federiko Valverde «Manchester Siti» darvozasiga uchta gol kiritib, xet-trik qayd etdi.
Ayni damda hisob 3:0 «Real» foydasiga. Qayd etish joizki, bu urugvaylik futbolchining professional faoliyatidagi ilk xet-trikidir. Uchrashuvni italiyalik bosh hakam Mauritsio Mariani boshqarib bormoqda.
Jamoalar o‘rtasidagi javob uchrashuvi 17 mart kuni Manchesterdagi «Etihad» stadionida tashkil etiladi.
Eslatib o‘tamiz, «Real» pley-offning ushbu bosqichiga qadar «Benfika»ni ikki o‘yin natijasiga ko‘ra 3:1 hisobida mag‘lub etgan bo‘lsa, «Manchester Siti» umumiy bosqichni 16 ochko bilan sakkizinchi o‘rinda yakunlagan edi.