Valbuena faoliyatini Maltada davom ettiradi
Fransiya milliy jamoasining sobiq yarim himoyachisi Matye Valbuena Maltaning ikkinchi divizionida ishtirok etuvchi «Santa-Luchiya» klubi futbolchisiga aylandi. Bu haqda jamoa matbuot xizmati ijtimoiy tarmoqlar orqali rasmiy ma'lumot berdi.
41 yoshli futbolchi yangi klubining qarorgohiga yetib bordi va jamoaning yangi a'zosi sifatida tanishtiruv marosimida ishtirok etdi.
Valbuena o'tgan mavsumni Gretsiyaning «Olimpiakos B» jamoasida o'tkazdi. U 11 ta uchrashuvda maydonga tushib, 3 ta gol urdi va 4 ta golli uzatmani amalga oshirdi.
Tajribali futbolchi faoliyati davomida «Marsel», Moskvaning «Dinamo»si, «Lion» va «Fenerbaxche» kabi klublar sharafini ham himoya qilgan.
Fransiya milliy jamoasi safida esa Valbuena 58 ta uchrashuvda qatnashib, 8 ta gol va 20 ta golli uzatma muallifi bo'lgan.