locale OZ

UzFHM tomonidan Hakamlikdagi xato va kamchiliklar tanqidiy ruhda muhokama qilindi

Ayrim hakamlarga xatolarni bartaraf etish borasida so‘nggi imkoniyat berilishi ta’kidlandi.
UzFHM tomonidan Hakamlikdagi xato va kamchiliklar tanqidiy ruhda muhokama qilindi
photo: UzFHM

Bugun O‘zbekiston Hakamlar markazi rahbariyati, Hakamlar qo‘mitasi a’zolari, Superliga va Proligada faoliyat olib borayotgan hakamlar, instruktorlar hamda inspektorlar ishtirokida Zoom platformasi orqali yig‘ilish o‘tkazildi.

Yig‘ilishda hakamlar tomonidan yo‘l qo‘yilayotgan xatolar, uchrashuvlarni boshqarish sifati, hakamlarning o‘z ustida ishlashi va ularning darajasini oshirish masalalari muhokama qilindi. Ayrim hakamlarga xatolarni bartaraf etish borasida so‘nggi imkoniyat berilishi ta’kidlandi.

Ma’mur Saidkasimov: "Har bir turda o‘yin boshqarishga kurashishdan ko‘ra, avvalo uchrashuvni sifatli boshqarish muhim. Belgilangan qoidalar va tartibga amal qilish kerak. Xatolar takrorlanaversa, ularga nisbatan qat’iy choralar, hatto hakamlikdan chetlatishgacha bo‘lgan jazolar qo‘llaniladi.

Xato bo‘lishi mumkin, ammo uni qayta-qayta takrorlash katta kamchilik. VAR, AVAR va yordamchi hakamlar kerakli vaziyatlarda bosh hakamga doimo yordam berishi shart.

Qaror qabul qilishdan oldin vaziyatni to‘g‘ri baholash, maydonda ko‘proq mehnat qilib, vaziyatga yaqinroq bo'lish zarur. Chunki hakamning maydonda to'g'ri joy tanlashi juda ham muhim. Bu qarorlarning aniqligiga katta tasir ko'rsatadi.

Proligada ham xatolar va hakamlarga oid savollar ko‘paymoqda. Agar hakam charchagan yoki o‘yinga tayyor bo‘lmasa, buni ochiq aytishi kerak.

Bizning maqsadimiz barcha hakamlarni birlashtirgan holda xatolarni maksimal darajada kamaytirishdir".

Bobur Haydarov: "Qoidalar ularga amal qilish uchun ishlab chiqilgan. Hakam o‘z ustida ishlashdan to‘xtamasligi kerak. Har bir vaziyatga o‘z vaqtida yetib borish va to‘g‘ri qaror qabul qilish muhim.

Katta tajribaga ega hakamlarda ham xatolar uchramoqda. Buni to‘g‘rilashimiz kerak. Maqsadimiz xalqaro darajadagi hakamlarni tayyorlash va buning uchun doimiy ravishda ishlashdir".

Valentin Kovalenko: "Tahlillar davomida ayrim xatoliklar ko‘pligi ko‘rinmoqda. Albatta, yaxshi boshqarilgan o‘yinlar ham ko‘p, ammo kamchiliklarni ham ochiq tan olish kerak.

Agar hakam o‘yinga tayyor bo‘lmasa, buni oldindan aytishi lozim. Barchamiz insonmiz, tushinamiz. Har bir o‘yin yangi tajriba, ammo maydonda professional bo‘lish va vaziyatlarga tayyor turish shart".

Abduhamidullo Rasulov:
"Biz tomondan qandaydir muammo yoki yetishmovchilik bormi? Sizlarga zarur sharoitlarni yaratib bera olmayapmizmi? Bo‘lsa, ochiq aytinglar — sizlarni eshitishga tayyormiz.

Agar zarur sharoitlar yaratilmaganida, xatolarni tushunish mumkin edi. Ammo hakamlar uchun barcha imkoniyatlar yaratilgan. Sizlardan talab shu — o‘zingizni ustingizda ko'proq ishlang va xatolarni kamaytiring".

Ibrohim Jalolov
Ibrohim Jalolov
Redaktor
Sports24.uz Bizni kuzating
Asosiy voqealarni kuzatib boring! Yangiliklar, natijalar va sportdagi eng yorqin lahzalar. Kuzating va eng muhim voqealardan xabardor bo'ling!
Izohlar
Izoh qoldirish uchun ro'yxatdan o'ting