Uolkott: «Real» APLda faqat sakkizinchi oʻrinni egallagan boʻlardi»
Angliya terma jamoasi va «Arsenal» klubining sobiq hujumchisi Teo Uolkott Madridning «Real» klubi haqida kutilmagan va bahsli fikr bildirdi. Uning fikricha, «Qirollik klubi» Angliya Premyer-ligasida o‘ynaganida, hozirgi darajasidagi ustunlikni namoyish eta olmasdi.
«Menda shunday his bor: ularda «Kristal Pelas», «Lids» mehmonida yoki «Sent-Jeyms Park»da muammolar yuzaga kelgan bo‘lardi. Shuningdek, Angliya ob-havosi ham o‘z so‘zini aytmay qolmasdi.
Ko‘plab «Real» muxlislariga bu javobim yoqmasligi tayin, biroq Premyer-ligaga ancha yaxshi tayyorgarlik ko‘rgan jamoalar bor deb hisoblayman. «Real» bunday jamoalar qatoriga kirmagan bo‘lardi», — dedi Uolkott Prime Video Sport UK ijtimoiy tarmoqlardagi sahifasida.
Ma’lumot o‘rnida, «Real Madrid» ayni damda Ispaniya La Ligasida yaqqol peshqadamlik qilmoqda. 24 tur yakunlariga ko‘ra, jamoa 60 ochko jamg‘argan holda turnir jadvalining birinchi pog‘onasini band etib turibdi.