Umidjon Ergashev — OKMK FK futbolchisi
"Yangi mavsum oldidan jamoa oldiga qo‘yilgan vazifalarni muvaffaqiyatli amalga oshirish, shuningdek, tarkib sifatini oshirish maqsadida OKMK professional futbol klubi qishki transfer oynasi doirasida ilk rasmiy transferini amalga oshirganini ma’lum qiladi.
Umidjon Ergashev darvozabon sifatida yuqori reaksiya tezligi, o‘yinni o‘qish qobiliyati va zarbalarga qarshi barqaror harakatlari bilan ajralib turadi. U bungacha «Navbahor» va «Nasaf» klublari safida, shuningdek, O‘zbekiston o‘smirlar hamda Olimpiya terma jamoalari tarkibida ham faoliyat olib borgan.
Yangi golkiperimiz klub miqyosida umumiy hisobda 83 ta uchrashuvda maydonga tushib, shundan 28 tasida darvozasini daxlsiz saqlab qolgan. Shuningdek, Umidjon Ergashev O‘zbekiston U-18 (5), U-19 (5), U-21 (3) va U-23 (8) terma jamoalari safida ham o‘zining ishonchli va barqaror o‘yini bilan bir nechta bahslarda samarali ishtirok etgan.
OKMK FK murabbiylar shtabi Umidjon Ergashevning reflekslari, pozitsion o‘yini va birga-bir vaziyatlardagi sovuqqonligini yuqori baholaydi. Klub yangi golkiperimizga OKMK FK safida muvaffaqiyatli o‘yinlar tilaydi.
OKMK FK ahil oilasiga xush kelibsan, Umidjon!",-deb yoziladi klub rasmiy sahifasida.