«UFF Prezidenti kubogi» – ommaviylik poydevori
Bugun poytaxtimizdagi Muhammad al-Xorazmiy nomidagi Toshkent axborot texnologiyalari universiteti sport zalida “UFF Prezidenti kubogi” musobaqasi start oldi. Havaskor jamoalar o‘rtasidagi birinchilikda o‘nta jamoa ishtirok etmoqda.
Mazkur turnir mamlakatimizda futzal sport turini yanada ommalashtirish, uni aholining quyi qatlamlarigacha yetkazish, yosh iste'dodlarni kashf etish va ularni professional musobaqalarga tayyorlash kabi yuqori maqsadlarni o‘z ichiga olgan. Musobaqaning ilk mavsumi dastlabki turiyoq ijobiy natijalarga umid va ishonch uyg‘otmoqda.
1-turdan o‘rin olgan uchrashuvlar tomoshabopligi va murosasiz kurashlarga boy o‘tgani bilan ajralib turdi. Katta futzal muhitini his etgan mahoratli o‘yinchilar bilan bir qatorda, o‘smirlar va havaskorlar ham maydonda faol ishtirok etmoqda. Ular olayotgan taassurotlarni so‘z bilan ifodalash qiyin. Ishtirokchilarning ko‘zlaridagi g‘alabaga chanqoqlik, futzalga bo‘lgan mehr-muhabbat bu sport turining xalq orasida qay darajada sevilishi va qadrlanishidan darak beradi.
Turnir endigina start olgan bo‘lsa-da, jamoalar musobaqaga ko‘nikib bormoqda. Ular raqiblarni o‘rganish, taktik va strategik vazifalarni amalga oshirish uchun yetarli vaqt va imkoniyatga ega.