Ueyn Runi burnini operatsiya qildirdi
“Manchester Yunayted” va Angliya terma jamoasining sobiq hujumchisi Ueyn Runi rinoplastika operatsiyasini o‘tkazdi. 40 yoshli inglizning aytishicha, bunga futbolchilik faoliyati davomida burnini ikki marta sindirgani sabab bo‘lgan.
Runi operatsiyadan bir hafta o‘tib bu haqda Stick to United podkastida ma’lum qildi. Sobiq futbolchi ko‘zlari ostida ko‘karishlar qolmaganini, biroq burnida hali ham ikkita maxsus plastik naycha borligini va ular yaqin kunlarda olib tashlanishini aytgan.
Runi burnini ilk bor 2015-yilda Angliya Kubogida “Preston”ga qarshi o‘yinda sindirgan. Ikkinchi jarohat esa faoliyatining so‘nggi yillarida, MLSda “Di-Si Yunayted” safida to‘p tepgan paytida yuz bergan.
Ma’lumot uchun, jarohatlar oqibatida Runining burnida nuqson paydo bo‘lgan va aynan shu muammoni bartaraf etish uchun operatsiya zarur bo‘lgan. Sobiq hujumchi hozirda tiklanish jarayonini davom ettirmoqda.