UEFA xavfsizlik sabab Yevrokubok uchrashuvini boshqa shaharga ko‘chirdi
UEFA Albaniyaning “Egnatiya” va Daniyaning “Midtyullann” klublari o‘rtasidagi Konferensiyalar ligasi uchrashuvini boshqa stadionga ko‘chirdi. Bunga Albaniya poytaxti Tiranada davom etayotgan norozilik namoyishlari sabab bo‘lgan. Bu haqda Reuters axborot agentligi xabar bermoqda.
Manbaga ko‘ra, uchrashuv dastlab Tiranadagi “Arena Kombetare” stadionida o‘tkazilishi kerak edi. Biroq shahardagi xavfsizlik vaziyati inobatga olinib, bahsni Elbasan shahridagi arenaga ko‘chirishga qaror qilingan.
Ushbu qaror UEFA tomonidan mahalliy mutasaddilar bilan maslahatlashilgan holda qabul qilingan. Albaniya poytaxtida talabalar noroziligi va boshqa ijtimoiy namoyishlar davom etmoqda. Tashkilotchilar futbolchilar hamda muxlislarning xavfsizligini ta’minlashni ustuvor vazifa sifatida belgilagan.
Ma’lumot uchun, Elbasan shahri Tiranadan taxminan 40 daqiqalik avtomobil yo‘lida joylashgan. “Egnatiya” va “Midtyullann” o‘rtasidagi bahs yangi manzilda tashkil etilishi rejalashtirilgan. UEFA uchrashuv o‘tkaziladigan joyni o‘zgartirgan bo‘lsa-da, bu qaror musobaqa natijalariga ta’sir qilmaydi.