UEFA va CONCACAF FIFA’dan 211 federatsiyaga 10 mln dollardan ajratishni so‘radi
UEFA prezidenti Aleksander Cheferin va CONCACAF rahbari Viktor Montaglyani FIFA prezidenti Janni Infantinoga murojaat qilib, tashkilotga a’zo 211 milliy federatsiyaning har biriga kamida 10 million dollardan qo‘shimcha mablag‘ ajratishni taklif qildi. Umumiy to‘lov miqdori qariyb 2,1 milliard dollarni tashkil etishi mumkin. Bu haqda L’Équipe nashri xabar bermoqda.
Manbaga ko‘ra, mazkur mablag‘lar 2027–2030-yillar oralig‘ida futbol infratuzilmasi va rivojlanish loyihalariga yo‘naltirilishi ko‘zda tutilgan. Ushbu to‘lov FIFA Forward dasturi doirasida avvaldan belgilangan moliyalashtirishdan tashqari, bir martalik qo‘shimcha yordam sifatida berilishi taklif qilinmoqda.
Cheferin va Montaglyani, shuningdek, FIFA moliyaviy zaxiralarini mustaqil tekshiruvdan o‘tkazishga chaqirdi. Ularning hisob-kitobiga ko‘ra, tashkilot 2023–2026-yillar siklini qariyb 6 milliard dollarlik zaxira bilan yakunlashi mumkin. Taklif etilayotgan 2,1 milliard dollarlik taqsimot amalga oshirilgan taqdirda ham FIFA zaxiralari keyingi siklda 1,5 milliard dollardan pastga tushmasligi aytilmoqda.
Ma’lumot uchun, UEFA va CONCACAF ushbu taklifni FIFA Kengashida ko‘rib chiqishni hamda boshqa qit’a konfederatsiyalarining qo‘llab-quvvatlashini olishni rejalashtirmoqda. FIFA hozircha mazkur tashabbus yuzasidan yakuniy qaror e’lon qilmagan.