UEFA «Tottenhem»ni muxlislarning xatti-harakatlari sabab 30 ming yevro jarimaga tortdi
Yevropa futbol assotsiatsiyalari ittifoqi (UEFA) Tartib-intizom qo‘mitasi Angliyaning «Tottenhem» klubini Chempionlar Ligasi umumiy bosqichi 8-turi doirasidagi «Ayntraxt»ga qarshi bahsda muxlislarning kamsituvchi xatti-harakatlari uchun 30 ming yevro miqdorida jarimaga tortishga qaror qildi.
Eslatib oʻtamiz, Frankfurt-Mayn shahrida 28 yanvar kuni bo‘lib o‘tgan mazkur uchrashuv «Tottenhem»ning 2:0 hisobidagi g‘alabasi bilan yakunlangan edi.
BBC nashri xabariga ko‘ra, o‘yin davomida londonliklarning uch nafar ishqibozi natsistcha salomlashish harakatlarini namoyish etgan. Pul jarimasidan tashqari, klubga UEFA shafeligidagi keyingi safar o‘yini uchun o‘z muxlislariga chiptalar sotishga shartli taqiq qo‘yildi. Ushbu taqiq uchun qaror qabul qilingan kundan boshlab bir yillik sinov muddati belgilandi.
Shuningdek, «Tottenhem» maydonga turli buyumlar uloqtirilgani uchun qo‘shimcha 2,25 ming yevro miqdorida jarimaga tortildi.