UEFA muxlislarning xatti-harakatlari sabab «Bavariya»ni jazoladi
Yevropa futbol assotsiatsiyalari ittifoqi (UEFA) Chempionlar ligasi umumiy bosqichining 6-turida «Sporting» ustidan 3:1 hisobida qozonilgan g‘alaba vaqtida muxlislar xatti-harakati sabab «Bavariya»ga nisbatan qo‘llangan jazolarni e’lon qildi.
Qarorga ko‘ra, Myunxen klubi Chempionlar ligasining 7-turida «Union»ga qarshi o‘yinda stadion sektorlarining qisman yopilishi xavfi ostida qolmoqda. Shuningdek, 30 ming yevro miqdorida jarima belgilandi. Bundan tashqari, ikki yillik sinov muddati bilan muxlislar sektorini qisman yopish ko‘zda tutilgan shartli jazo ham qo‘llanildi.
Bundan tashqari, «Bavariya» Londondagi «Emireyts» stadionida «Arsenal»ga qarshi o‘yinda muxlislar tomonidan buyumlar uloqtirilgani, jamoat tartibi buzilgani va sport tadbiri formatiga mos kelmaydigan shiorlar aytilgani uchun 70 ming yevro jarimaga tortildi.
«Sporting»ga qarshi bahsda myunxenlik muxlislar tom ma’noda olovli shou uyushtirdi. Ikkinchi bo‘lim boshida stadion maydoni qalin tutunga burkandi — bunga sabab muxlislar bir vaqtning o‘zida 80 dan ortiq signal raketalarini yoqqani bo‘ldi.
Chempionlar ligasi umumiy bosqichida o‘tkazilgan olti turdan so‘ng «Bavariya» 15 ochko bilan turnir jadvalida ikkinchi o‘rinda bormoqda.