UEFA Millatlar ligasi formatiga o‘zgartirish kiritdi
UEFA Ijroiya qo‘mitasi Millatlar ligasining 2026/27-yilgi mavsumida jamoalarning yuqori ligaga ko‘tarilishi va quyi ligaga tushishi tizimiga o‘zgartirishlar kiritdi. Mazkur qaror turnirni 2028/29-yilgi mavsumdan boshlab yangi formatga o‘tkazish jarayonining bir qismi hisoblanadi. Bu haqda UEFA rasmiy sayti xabar bermoqda.
Manbaga ko‘ra, 2028/29-yilgi mavsumdan boshlab Millatlar ligasida amaldagi to‘rtta liga o‘rniga uchta liga qoladi. A, B va C ligalarining har birida 18 tadan terma jamoa ishtirok etadi. Har bir liga oltitadan jamoa joy oladigan uchta guruhdan tashkil topadi.
Yangi formatga ko‘ra, har bir terma jamoa guruh bosqichida 6 ta uchrashuv o‘tkazadi va besh xil raqibga qarshi maydonga tushadi. Turnirda jami 55 ta terma jamoa qatnashishi sabab C ligasidagi guruhlardan biri yettita jamoadan iborat bo‘ladi. Ushbu guruh bahslari boshqa guruhlarga nisbatan bir xalqaro tanaffus oldinroq boshlanadi. Chorak final, “To‘rtlik finali” va ligalar o‘rtasidagi pley-off bosqichlari esa saqlab qolinadi.
Ma’lumot uchun, 2028/29-yilgi A liga tarkibi 2026/27-yilgi Millatlar ligasi natijalari asosida shakllantiriladi. Unga A liganing sakkiz chorak finalchisi, uchinchi o‘rinni egallagan eng yaxshi ikki jamoa, B ligasining to‘rt guruh g‘olibi hamda A/B pley-offining to‘rt g‘olibi yo‘llanma oladi.