UEFA “Manchester Siti”ga qarshi yangi ish ochishi mumkin
Yevropa futbol assotsiatsiyalari ittifoqi (UEFA) Angliyaning “Manchester Siti” klubiga qarshi moliyaviy qoidabuzarliklar yuzasidan yangi tergov boshlashi mumkin. Bunga klubning moliyaviy faoliyati bilan bog‘liq ishda yuzaga kelgan so‘nggi vaziyat sabab bo‘lmoqda. Bu haqda Mirror nashri xabar bermoqda.
Manbaga ko‘ra, mustaqil komissiya “Manchester Siti”ni ko‘plab moliyaviy qoidabuzarliklarda aybdor deb topgani haqidagi xabarlardan so‘ng UEFA vaziyatni diqqat bilan kuzatmoqda. Avvalgi tekshiruv davomida Yevropa futbol tashkiloti Angliya Premer-ligasi ixtiyorida bo‘lgan ayrim dalillarga ega bo‘lmagan.
Hozirda UEFA klubning apellyatsiya jarayonini kuzatib bormoqda. Agar “Manchester Siti” apellyatsiyada ham mag‘lubiyatga uchrasa, tashkilot klubga qarshi yangi ish ochishi mumkin. Biroq hozircha UEFA tomonidan yangi tergov boshlangani rasman e’lon qilinmagan.
Ma’lumot uchun, 2020-yilda UEFA “Manchester Siti”ni moliyaviy qoidalarni buzganlikda ayblab, klubni ikki yilga Chempionlar ligasidan chetlatish haqida qaror chiqargan edi. Biroq keyinchalik Sport arbitraj sudi (CAS) ushbu jazoni bekor qilgan.