UEFA Isroilni xalqaro turnirlardan chetlatish masalasini oʻrganmoqda
UEFA «Game Over Israel» nomli pro-falastin tashabbusi vakillari bilan bir qator uchrashuvlar o‘tkazdi. Mazkur suhbatlarda Isroilning xalqaro musobaqalardan chetlatilishi mumkin bo‘lgan ehtimoliy shartlar muhokama qilingan. Bu haqda The Athletic xabar bermoqda.
Manbaga ko‘ra, muloqot sentabr oxiridan — Isroil va HAMAS o‘rtasida sulh e’lon qilingandan keyin boshlangan. Aynan o‘shanda bir nechta milliy futbol assotsiatsiyalari UEFAga Isroilning xalqaro turnirlarda ishtiroki yuzasidan ovoz berish masalasini ko‘rib chiqishni taklif qilgan edi.
Game Over Israel tashabbusi 17 sentabr kuni — BMT G‘azodagi Isroil harakatlarini genotsid sifatida baholaganidan so‘ng yo‘lga qo‘yilgan. Uchrashuvlarda tomonlar bunday taqiqni joriy etishga imkon berishi mumkin bo‘lgan huquqiy mexanizmlarni muhokama qilgan.
UEFA Isroilni mustaqil ravishda chetlatishga shoshilmayapti, chunki bu boshqa sport tashkilotlari bilan keskin ziddiyatlarga olib kelishi mumkin. Shu bilan birga, ittifoq Irlandiya va Shveysariyada davom etayotgan sud jarayonlarini diqqat bilan kuzatmoqda — ular nazariy jihatdan UEFAni xalqaro huquq doirasida choralar ko‘rishga majbur qilishi mumkin.
Eng muhim uchrashuvlardan biri 15 oktabr kuni UEFA shtab-kvartirasida bo‘lib o‘tgan. O‘sha haftada Uit-Midlends politsiyasi xavfsizlik sababli Tel-Avivning «Makkabi» jamoasi muxlislarining «Aston Villa»ga qarshi o‘yiniga borishini taqiqlagan edi. Manbalarga ko‘ra, aynan shu voqeadan so‘ng UEFA faolistlardan inson huquqlari bo‘yicha ekspert xulosalarini taqdim etishni so‘ragan — bu materiallar keyingi qarorlar qabul qilish jarayonida qo‘llanishi mumkin.