UEFA haftaning eng yaxshi futbolchisi bo‘lish uchun nomzodlarni e’lon qildi
UEFA rasmiy sahifasi Yevropa Chempionlar ligasining 5-tur uchrashuvlaridan so‘ng, haftaning eng yaxshi futbolchisi nomiga da’vogar to‘rt nafar o‘yinchi nomini e’lon qildi.
Unga ko‘ra, Vitinya (“PSJ”), Pyer-Emerik Obameyang (“Marsel”), Kilian Mbappe (“Real Madrid”) va Seru Girassi (“Borussiya Dortmund”) ushbu nomga da’vogar sifatida qayd etildi.
Vitinya “PSJ”ning “Tottenhem”ga qarshi o‘yinda xet-trik muallifiga aylandi.
Pyer-Emerik Obameyang esa “Marsel”ning “Nyukasl”ga qarshi 2:1 hisobidagi g‘alabasida dubl qayd etdi.
Kilian Mbappe “Real Madrid”ning “Olimpiakos” ustidan 4:3 hisobidagi og‘ir g‘alabasida 4 ta gol urib, joriy mavsum to‘purarlik poygasida yetakchilikni qo‘lga oldi. Uning hisobida 5-turdan so‘ng 9 ta gol mavjud.
Seru Girassi esa “Borussiya Dortmund”ning “Vilyarreal” ustidan 4:0 hisobidagi yirik g‘alabasiga munosib hissa qo‘shdi va dublga erishdi.
Eslatib o‘tamiz, g‘olib UEFA rasmiy saytida o‘tkaziladigan so‘rovnoma orqali aniqlanadi.