UEFA «Benfika»ni 40 ming yevro miqdorida jarimaga tortdi
Yevropa futbol assotsiatsiyalari ittifoqining (UEFA) Nazorat, etika va intizom organi Lissabonning «Benfika» klubiga nisbatan Chempionlar Ligasi pley-off bosqichi doirasidagi «Real Madrid»ga qarshi o‘yinda muxlislarning irqchilik harakatlari uchun 40 ming yevro miqdorida jarima soldi. Bu haqda tashkilot rasmiy sayti xabar bermoqda.
17 fevral kuni bo‘lib o‘tgan bahsda «Real» Vinisius Juniorning goli evaziga 1:0 hisobida g‘alaba qozongan edi. Braziliyalik futbolchi golni burchak bayrog‘i yonida raqs tushib nishonlagani tomoshabinlarning keskin e’tiroziga sabab bo‘lgan.
Natijada, Vinisius va «Benfika» yarimhimoyachisi Janluka Prestianni o‘rtasidagi nizo tufayli o‘yin deyarli 10 daqiqaga to‘xtatib qo‘yilgan. O‘shanda «Real» futbolchisi hakamga irqchilik mazmunidagi haqoratlar bo‘yicha shikoyat qilgan edi. UEFA, shuningdek, Prestiannini javob uchrashuvidan chetlatish haqida ham qaror chiqargan (o‘sha bahsda «Real» 2:1 hisobida g‘alaba qozongan).
Bugun, 25 mart kuni tashkilot «Benfika»ga nisbatan muxlislarning irqchilik va diskriminatsion xatti-harakatlari uchun jarima qo‘llanilganini ma’lum qildi. Bundan tashqari, klubga bir yillik sinov muddati bilan keyingi uy uchrashuvida stadionning 500 ta o‘rinli qismini yopish bo‘yicha shartli jazo tayinlandi.
Shuningdek, qo‘shimcha qarorlar ham qabul qilindi: «Benfika» lazer nuridan foydalangani uchun 8 ming yevro, maydonga buyumlar uloqtirilgani uchun esa 25 ming yevro jarimaga tortildi. Klub murabbiyi yordamchisi Pedro Luis Ferreyra Machado sportchiga xos bo‘lmagan xulq-atvori uchun UEFA bayrog‘i ostidagi bitta o‘yindan chetlatildi.