U-16 terma jamoamiz Xitoydagi xalqaro o‘rtoqlik turnirida ilk mag‘lubiyatni qabul qildi
Bugun, 8 iyul kuni O‘zbekiston U-16 terma jamoasi Xitoydagi xalqaro o‘rtoqlik turniri doirasida Yaponiyaga qarshi maydonga tushdi. Shenyang shahridagi “Shenyang Urban” stadionida bo‘lib o‘tgan bahs 3:1 hisobida yaponiyalik yoshlarning g‘alabasi bilan yakunlandi.
Uchrashuv juda jadal boshlandi va 23-daqiqada Amirxon Erkinov o‘zbekistonliklarni oldinga olib chiqdi. Biroq 38-daqiqada Takaki Ato hisobni tenglashtirdi. Birinchi bo‘lim 1:1 hisobida yakunlandi.
Ikkinchi taymda murabbiylar bir qator o‘zgarishlarni amalga oshirishdi. 48-daqiqada Ogasava Hiro Yaponiyani oldinga olib chiqdi. 75-daqiqada esa Takaki Ato penaltidan ikkinchi golini kiritdi va uchrashuvning yakuniy hisobini o‘rnatdi — 3:1.
O‘yin davomida murabbiylar terma jamoa tarkibini sinchkovlik bilan sinab ko‘rishdi, jami 6 ta almashtirish amalga oshirildi.
Gollar:
23’ — Amirxon Erkinov (O‘zbekiston)
38’ — Takaki Ato (Yaponiya)
48’ — Ogasava Hiro (Yaponiya)
75’ — Takaki Ato (Yaponiya, penalti)
